E-mail: rasul_atamuratov@mail.ru Murojaat uchun: +99890-111-9596
O'zb Рус Eng
O‘zbek adabiyoti platformasi

Buyuk adiblar / Abdulla Qodiriy

Abdulla Qodiriy (Julqunboy) – O‘zbek adabiyotining buyuk romannavisi

O‘zbek adabiyotining yirik namoyandalaridan biri Abdulla Qodiriy (taxallusi — Julqunboy) 1894-yil 10-aprel kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. Uning otasi Qodirmuhammad Eski Jo‘va mahallasidagi Xo‘ja ko‘chasida yashovchi Hojimuhammad boboning ikkinchi o‘g‘li edi. Qodirmuhammad 1822-yilda tug‘ilgan bo‘lib, keyinchalik oilasi bilan Eski Jo‘vadagi hovlisini sotib, Samarqand darvozasi Eshonguzar mahallasiga ko‘chib o‘tgan. Ana shu maskanda Abdulla Qodiriy dunyoga kelgan. Undan uch yil o‘tib, 1897-yilda ukasi Qudratilla tug‘ilgan.

Abdulla Qodiriy bolaligidan sho‘x va quvnoq bo‘lgan. Otasi ilmli bo‘lmasa-da, farzandlarining o‘qishiga katta ahamiyat bergan. U tez-tez:

“O‘zimning xatim yo‘q-da, bo‘lmasa hammangni barmog‘imda o‘ynatardim”, — deb aytishni yaxshi ko‘rgan.

Qodirmuhammad bog‘dagi mashaqqatli mehnatlarga qaramay, o‘g‘li Abdullani maktabga bergan. Akasi Rahimberdi esa o‘qishga unchalik qiziqmagan.

 

Ta’lim yillari

Abdulla Qodiriy dastlab 1904–1906-yillarda musulmon maktabida ta’lim oldi. Dastlabki savodini Zangiota mahallasidagi mulla Olim va mulla Ziyo domlalardan olgan. Keyinchalik u Mirlar mahallasidagi Yusufxon domla hamda Chorsuga yaqin joyda joylashgan mulla G‘ulomdan ham ta’lim olgan.

1908–1912-yillarda rus-tuzem maktabida o‘qidi. So‘ngra 1916–1917-yillarda Toshkentdagi Abulqosim shayx madrasasida arab va fors tillarini o‘rganib, sarf va nahv fanlarini mukammal egalladi. Shu davrda u jadidchilik harakati namoyandalariga fikrdosh bo‘lib, milliy matbuotda o‘z ijod namunalarini chop ettira boshladi.

1924–1925-yillarda Toshkent Vaqf sho‘basining ko‘magida Moskvadagi Valeriy Bryusov nomidagi Adabiyot institutida tahsil oldi.

 

Mehnat faoliyati va hayot sinovlari

Oiladagi iqtisodiy qiyinchilik sababli Abdulla Qodiriy 12 yoshidan bir boyning xizmatiga kirgan. Rus-tuzem maktabini tugatgach, u bir muddat ishsiz yurdi. 17–18 yoshlarida Chorsu bozorida savdogar Rasulmuhammadboyga prikazchilikka yollanib, 1915-yilgacha shu yerda ishladi. Keyinroq savdogarning ishi orqaga ketib, Qodiriy uyiga qaytishga majbur bo‘ladi.

1926-yilda “Mushtum” jurnalida bosilgan “Yig‘indi gaplar” maqolasi sababli u “O‘rta Osiyo Davlat siyosiy boshqarmasi” (DSB) tomonidan hibsga olinadi. Qodiriyning uyi tintuv qilinadi, lekin tergov jarayoni sust kechadi. U 1926-yil 22-martda komendantga murojaat qilib, so‘roqqa chaqirilmagani uchun norozilik bildiradi va ochlik e’lon qilishini aytadi. Shundan so‘ng tergov boshlanadi.

Tergov davomida unga qarshi asosiy dalil sifatida “Yig‘indi gaplar” maqolasi keltiriladi. Rasmiy bayonotda aytilishicha, maqola “O‘zbekiston hukumati va Kommunistik partiya rahbarlarini obro‘sizlantirish” ruhida yozilgan deb baholanadi. Ammo 1926-yil 17-iyunda O‘zbekiston SSR Oliy sudi qaroriga binoan u afv etilib, ozod qilinadi.

Ikkinchi marta esa 1937-yil 31-dekabrda Abdulla Qodiriy “xalq dushmani” sifatida yana hibsga olinadi va 1938-yil 4-oktabrda Toshkentda otib tashlanadi.

 

Ijodi va adabiy merosi

Abdulla Qodiriyning ijodi 1913–1914-yillarda boshlanadi. U dastlab jadid matbuotida “Ahvolimiz”, “Millatimiz”, “To‘y” kabi ma’rifatparvarlik ruhidagi she’rlarini e’lon qilgan. 1915-yilda Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Padarkush” fojiasi ta’sirida “Baxtsiz kuyov” pyesasini yozgan.

Keyinchalik u o‘zining ilk “milliy roman”i deb atagan “Juvonboz” hikoyasini yaratadi. Bu asarlar jamiyatdagi illatlarni tanqid qilish, xalqni ma’rifat va taraqqiyot sari yetaklash g‘oyalariga bag‘ishlangan edi.

Qodiriy o‘z asarlarini ko‘plab taxalluslar bilan imzolagan, jumladan: Alimov, Julqunboy, Shoshiy, Boyqush, Dumbulboy, Indamas So‘fi, Mushtum, Yo‘lovchi, Chin do‘st va boshqalar.

 

“O‘tkan kunlar” — o‘zbek romanchiligining boshlanishi

Adib qalamiga mansub “O‘tkan kunlar” romani (1922–1926) o‘zbek adabiyotida roman janrining asoschisi sifatida tan olingan. Asar dastlab “Inqilob” jurnalida bobma-bob e’lon qilinib, keyinchalik alohida kitob holida nashr etilgan.

Roman orqali muallif xalqni o‘z tarixidan saboq olishga, “xon zamonlarining qora kunlari”ni yodga olib, milliy ongni uyg‘otishga chaqiradi. Asar markazida Otabek va Kumush muhabbati, ularning taqdiri orqali esa butun Turkistonning ijtimoiy-siyosiy ahvoli yoritiladi.

Yusufbek hoji, O‘zbek oyim, Zaynab kabi obrazlar o‘zbek adabiyotining eng yorqin qahramonlari qatoriga kirgan. Asar tilining nafisligi va voqealar hayotiyligi uni o‘zbek adabiyotining durdonalaridan biriga aylantirgan.

 

“Mehrobdan chayon” — insoniy vijdon va munofiqlik to‘qnashuvi

Qodiriyning ikkinchi yirik romani — “Mehrobdan chayon” 1928-yilda yozilgan va 1929-yilda Samarqandda nashr etilgan. Asar mavzusi “O‘tkan kunlar” bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, xonlik davridagi adolatsizlik, riyokorlik, e’tiqodsizlikni tanqid qiladi.

Romandagi Anvar va Ra’no obrazlari orqalishoir insoniy poklik, halollik va mardlik g‘oyalarini ulug‘laydi. “Mehrobdan chayon” nomi ramziy ma’noga ega bo‘lib, u sajdagohdan chiqqan, ammo dindorlik niqobi ostida zulm qiluvchi shaxslarni ifodalaydi.

Bu asar asosida keyinchalik film ham suratga olingan.

 

Tarjima va ilmiy faoliyat

Abdulla Qodiriy tarjima sohasida ham faol bo‘lgan. U:

• 1925-yilda A. Shunosiyning “Fizika” asarini,

• 1935-yilda N. V. Gogolning *“Uylanish”*ini,

• 1936-yilda A. P. Chexovning *“Olchazor”*ini o‘zbekchaga mahorat bilan tarjima qilgan.

1934-yilda u Qozon shahrida nashr etilgan “To‘la ruscha–o‘zbekcha lug‘at” tuzilishida ham ishtirok etgan.

 

Xotira va e’tirof

O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, adibning nomi oqlanib, uning merosi xalqimizga qaytarildi.

1991-yilda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti,

1994-yilda “Mustaqillik” ordeni bilan taqdirlandi.

Shuningdek, Abdulla Qodiriy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti ta’sis etildi. Toshkentdagi madaniyat va istirohat bog‘i, madaniyat instituti, ko‘chalar, shuningdek, 2018-yilda ochilgan Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi va muzey uning nomi bilan atalgan.

Adibning “O‘tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” asarlari asosida ko‘p qismli telefilmlar yaratilgan.

“O‘zbek adabiyoti” virtual - ta'limiy muzeyi platformasida eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

© 2022 Rasul Atamuratov tomonidan ishlab chiqilgan