E-mail: rasul_atamuratov@mail.ru Murojaat uchun: +99890-111-9596
O'zb Рус Eng
O‘zbek adabiyoti platformasi

Buyuk adiblar / Alisher Navoiy

ALISHER NAVOIY – BUYUK SHOIR, MUTAFAKKIR VA DAVLAT ARBOBI

Tug‘ilishi va bolaligi

Buyuk shoir, mutafakkir va davlat arbobi Nizomiddin Mir Alisher Navoiy 1441-yil 9-fevralda Hirot shahrida tug‘ilgan. Otasi G‘iyosiddin Bahodir Abulqosim Boburning yaqin kishilaridan bo‘lib, mamlakat boshqaruvida ishtirok etgan. Onasi esa Kobul amirzodalaridan Shayx Abusaid Changning qizi edi.

Alisherning bolaligi Temuriylar hukmdori Shohrux davrining so‘nggi yillariga to‘g‘ri keladi. U yoshligidan bo‘lajak podsho Husayn Boyqaro bilan birga tarbiyalangan. To‘rt yoshida maktabga borib, tezda savod chiqargan, turkiy va forsiy tildagi she’rlarni o‘qib, yod ola boshlagan. U ikki tilni ham mukammal o‘zlashtirgan.

1447-yilda Shohrux vafot etgach, taxt uchun kurashlar boshlanadi. Bu urushlar ko‘plab oilalarni, jumladan, Alisherning oilasini ham Iroqqa ko‘chishga majbur etadi. Taf shahrida u mashhur tarixchi va shoir Sharafiddin Ali Yazdiy bilan uchrashib, bu voqea kichik Alisherda chuqur taassurot qoldiradi.

Keyinchalik oilasi Hirotga qaytib keladi. Abulqosim Bobur G‘iyosiddin Bahodirni Sabzavor hokimi etib tayinlaydi. Alisher esa Hirotda qolib o‘qishni davom ettiradi va adabiyotga bo‘lgan qiziqishi yanada ortadi.

 

Ta’limi va ilk ijodiy faoliyati

Alisherning uyida adabiy muhit kuchli edi — tog‘alari Mirsaid Kobuliy va Muhammad Ali G‘aribiy iste’dodli shoirlar bo‘lgan. Uyda tez-tez mushoiralar o‘tkazilib, adabiyot va san’at haqida suhbatlar bo‘lib turgan. Shu sababli Navoiy 10–12 yoshlaridan she’r yoza boshlaydi.

Tarixchi Xondamirning yozishicha, mashhur shoir Lutfiy yosh Alisherning quyidagi g‘azalini eshitgach, uning iste’dodiga qoyil qolgan:

“Orazin yopg‘och, ko‘zimdin sochilur har lahza yosh,

Bo‘ylakim, paydo bo‘lur yulduz, nihon bo‘lg‘och quyosh.”

Lutfiy bu g‘azalni eshitgach:

“Agar muyassar bo‘lsa edi, o‘zining o‘n-o‘n ikki ming forsiy va turkiy baytini shu g‘azalga almashtirgan bo‘lur edim,” — degan.

Shundan so‘ng Navoiy 15 yoshida iste’dodli shoir sifatida tanildi. U she’rlarini turkiy va forsiy tillarda yozgan. 13–14 yoshlarida otasi vafot etgach, Alisherni Abulqosim Bobur o‘z tarbiyasiga olgan.

1456-yilda Bobur poytaxtni Hirotdan Mashhadga ko‘chiradi va Alisherni ham Husayn Boyqaro bilan birga olib ketadi. 1457-yilda Abulqosim Bobur vafot etadi. Bu Alisher uchun ikkinchi katta yo‘qotish bo‘ladi. U Mashhadda o‘qishni davom ettirib, she’rlar yozadi.

 

Samarqand davri

1463-yilda Navoiy Hirotga qaytadi, biroq Abu Said uni ta’qib qilib, Hirotdan chiqaradi. Shundan so‘ng u Samarqandga ko‘chib o‘tadi va 1465–1469-yillarda shu yerda yashaydi.

Samarqandda u ko‘plab shoir va olimlar bilan tanishadi — Shayxim Suhayliy, Mirzobek, Mavlono Xovariy, Mir Qarshiy, Harimi Qalandar, Uloyi Shoshiy va boshqalar bilan ijodiy hamkorlik qiladi.

Shaharning hokimi Ahmad Hojibek (Vafoiy) unga g‘oyat e’tibor bilan qaragan. Shu yerda Navoiy davlat ishlarini boshqarish tajribasini orttiradi. Uning faoliyati yuqori baholanib, unga “Chig‘atoy amiri” unvoni beriladi.

 

Davlat arbobi sifatidagi faoliyati

1472-yilda Husayn Boyqaro uni bosh vazir (“Amiri kabir”) lavozimiga tayinlaydi. Navoiy mamlakatda tinchlik, tartib va adolatni o‘rnatishga harakat qiladi, soliq va vakf ishlarini tartibga soladi, dehqonchilik, hunarmandchilik va savdo rivojiga katta e’tibor beradi.

U o‘z mablag‘i hisobidan Hirot va boshqa shaharlarda 40 ta rabot, 17 masjid, 10 xonaqoh, 9 hammom, 9 ko‘prik, 20 hovuz qurgan. Shuningdek, “Ixlosiya”, “Nizomiya”, “Xalosiya”, “Shifoiya”, “Dorul-huffoz” kabi ilmiy va diniy maskanlarni bunyod etgan.

 

Ijodiy merosi

Navoiyning ijodi nihoyatda keng va serqirra. U o‘zbek tilining imkoniyatlarini dunyoga namoyish etgan. Uning eng mashhur asarlari:

“Hiloliya” – Husayn Boyqaroga bag‘ishlangan qasida;

“Tuhfat ul-afkor” – Abdurahmon Jomiyga bag‘ishlangan forsiy qasida;

“Badoe’ ul-bidoya” – 777 g‘azal va ko‘plab she’riy shakllarni o‘z ichiga olgan devon;

“Navodir un-nihoya” – keyingi yillarda yozilgan she’rlar to‘plami;

“Chil hadis” – Muhammad (s.a.v.) hadislarini she’riy ifoda qilgan asar;

“Xamsa” – besh dostondan iborat she’riy majmua:

“Hayrat ul-abror”,

“Farhod va Shirin”,

“Layli va Majnun”,

“Sab’ai sayyor”,

“Saddi Iskandariy”.

“Xamsa” (52 ming misra) o‘zbek adabiyotini yangi bosqichga ko‘tardi va jahon adabiyoti durdonalaridan biriga aylandi.

Shuningdek, Navoiy “Nazm ul-javohir”, “Lison ut-tayr”, “Muhokamat ul-lug‘atayn” va “Mahbub ul-qulub” asarlarini yaratdi. “Muhokamat ul-lug‘atayn” o‘zbek va fors tillarining badiiy imkoniyatlarini ilmiy asosda tahlil etgan noyob risoladir.

 

So‘nggi yillari va merosi

1487-yilda saroy a’yonlarining hasad va fitnasi sababli Navoiy vazirlikdan chetlatilib, Astrobod hokimi etib tayinlanadi. U bu yerda ham ko‘plab ijtimoiy islohotlar o‘tkazadi.

1501-yil 3-yanvarda Alisher Navoiy vafot etadi. U Hirot shahrida dafn etilgan.

 

Navoiy merosining o‘rganilishi

Alisher Navoiyning hayoti va ijodi haqida ko‘plab tarixchilar va adabiyotshunoslar asarlar yaratgan. U haqda Xondamir, Vosifiy, Husayn Boyqaro, Bobur, keyinchalik esa Oybek, Ozod Sharafiddinov, Izzat Sulton, S. G‘anieva kabi olimlar tadqiqotlar yozishgan.

1947-yilda Komil Yormatov “Alisher Navoiy” nomli tarixiy badiiy filmni yaratgan.

“O‘zbek adabiyoti” virtual - ta'limiy muzeyi platformasida eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

© 2022 Rasul Atamuratov tomonidan ishlab chiqilgan