Janrlar va tahlillar / She'riyat va qofiya turlari
She’riyat va qofiya turlari: nazariy asoslar va tarixiy taraqqiyot
She’riyat insoniyat badiiy tafakkurining eng qadimiy qatlamlaridan biri bo‘lib, uzoq vaqt davomida so‘z san’atining yagona shakli sifatida e’tirof etilgan. Qadim zamonlarda faqat she’r shaklida bitilgan matnlargina badiiy adabiyotga mansub deb hisoblangan. Chunki she’riy nutqning musiqiyligi, ohangdorligi, ritmik tuzilishi va obrazlar tizimi inson tuyg‘ulariga bevosita ta’sir etish qudratiga ega bo‘lgan. Nasrning badiiy adabiyot shakli sifatida e’tirof etilishi esa Yevropada Uyg‘onish davridan boshlar, Sharq adabiyotida esa XIX asr oxirlariga kelibgina shakllandi.
Sharq mumtoz adabiyotida she’riyatning ustuvorligi Alisher Navoiy ijodida yaqqol namoyon bo‘ladi. U “Hayrat ul-abror”da she’rni “gulshanda ochiladigan gul”, nasrni esa “tuproqqa sochilgan chechak” sifatida talqin qilib, nazmning ilohiy va mo‘‘jizaviy tabiatini e’tirof etadi. She’riyatning bunday yuksak maqomi uning mazmunidan tashqari, shakliy jihatlarida – ohang, ritm, vazn va qofiya kabi poetik birliklarda mujassam bo‘ladi.
She’riyatning asosiy vazifasi voqelikni hikoya qilishdan ko‘ra, inson ruhiy kechinmalarini musiqiy va obrazli shaklda ifoda etishdir. Shu jihatdan o‘zbek she’riyati o‘zining teran lirizmi, his-tuyg‘uga boyligi, ritmik uyg‘unligi bilan ajralib turadi. She’riy matnni nasrga aylantirish natijasida undagi zavq, jarangdorlik, ruhiy intensivlik keskin pasayishi ham bejiz emas. Cho‘lponning mashhur misollari bunga yorqin dalil bo‘la oladi: uning she’riy nutqidagi ohang, ruhiy kuch va badiiy intensivlik nasriy shaklda o‘z aksini to‘liq topmaydi.
She’riy matnning poetik tabiati
She’riyatning badiiy qudrati so‘zning musiqiylashgan, ritmik jihatdan tashkil etilgan shaklida namoyon bo‘ladi. She’rning ritm, vazn, qofiya va sintaktik qaytariqlar orqali tashkil etilishi uni odatiy nutqdan farqlaydi va badiiy-estetik ta’sirchanlikni kuchaytiradi. She’riy nutq talaffuzning alohida ohangini yaratadi, o‘quvchini ham ruhiy, ham akustik jihatdan o‘ziga tortadi. G.V.F. Gegel ta’kidlaganidek, she’riy matn “ichki ovoz”ni uyg‘otadi, tilning musiqiy tabiatini eshitishga majbur qiladi.
She’riyat turlarining shakllanishi va rivoji
She’riyat tarixida epik, lirik va dramatik janrlar shakllangan. Epik she’r voqeani hikoya qiladi, lirik she’r tuyg‘u va kechinmalarni ifoda etadi, dramatik she’r esa personajlararo dialoglar asosida quriladi. Qadimiy Rim, yunon, skandinav va turkiy xalqlarning qadimiy matnlarida she’riy shakl asosiy, deyarli yagona poetik vosita bo‘lgan.
Yangi adabiyotning shakllanishi jarayonida nasrning rivojlanishi she’riyatning mavqeini susaytirmagan, aksincha, uning ichki yangilanishiga turtki bo‘lgan. Bugungi o‘zbek she’riyati shakl va mazmun jihatidan turfa yo‘nalishlarga ega bo‘lib, tarixiy an’analar bilan ichki uzviylikni saqlagan holda modern shakllar bilan boyigan.
She’riy ritm, metr va qofiya
She’riyatning eng muhim unsurlaridan biri – ritm. Ritm she’r misralarida urg‘uli va urg‘usiz bo‘g‘inlarning tartibli almashinuvi orqali yuzaga keladi. Metr esa ritmning qat’iylashgan, tizimli shakli bo‘lib, aruz, barmoq va erkin vazn tizimlari orqali ifodalanadi.
Qofiya — she’riy tizimning markaziy unsuri
Qofiya (arab. “izidan borish”) – she’riy misralarning ma’lum joyida ohangdosh so‘zlarning qat’iy takrorlanishi. U she’rning musiqiyligini ta’minlaydi, matnga ritmik yaxlitlik beradi va uni yodda saqlashni osonlashtiradi.
Sharq poetikasida qofiya alohida ilm – ilmi qofiya sifatida rivojlangan. Qofiyaning tuzilishi, unga kiruvchi harflar, raviy, ridf, ta’sis, qayd, vasl, xuruj kabi unsurlar mumtoz she’riyatning nazariy asosini belgilaydi. Qofiyaning murakkab tizimi Navoiy g‘azallarida yuksak darajada namoyon bo‘lgan. Uning “Xazoyin ul-maoniy” kulliyotida mumtoz qofiyaning 23 turi qo‘llangan.
Qofiyaning asosiy turlari
Qofiya raviy harfining o‘rniga ko‘ra ikki turga bo‘linadi:
1. Muqayyad qofiya — qofiya raviy harfi bilan yakunlanadi.
2. Mutlaq qofiya — raviydan keyin qo‘shimcha harflar davom etadi (vasl, xuruj, mazid, noira).
Ular o‘z ichida quyidagi guruhlarga bo‘linadi:
• Mujarrad qofiya
• Murdaf (ridfli) qofiya
• Muassas (ta’sisli) qofiya
• Muqayyad (qaydli) qofiya
Har bir guruh esa o‘z navbatida bir necha turlarga ega bo‘lib, nazariy jihatdan qofiyaning 55 ga yaqin turi mavjudligi isbotlangan.
Navoiy ijodida qofiyaning qo‘llanishi
Navoiy qofiya tuzilishining barcha imkoniyatlarini mahorat bilan qo‘llagan. Uning g‘azallarida:
• mujarrad muqayyad qofiya,
• ridfli muqayyad qofiya,
• ridfli mutlaq qofiya,
• mazidli va noyirali qofiya
kabi murakkab qofiya turlari uchraydi. Bu holat o‘zbek mumtoz she’riyatining yuqori poetik darajasi va nazariy asoslarining puxtaligidan dalolat beradi.
“O‘zbek adabiyoti” virtual - ta'limiy muzeyi platformasida eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.
© 2022 Rasul Atamuratov tomonidan ishlab chiqilgan