E-mail: rasul_atamuratov@mail.ru Murojaat uchun: +99890-111-9596
O'zb Рус Eng
O‘zbek adabiyoti platformasi

Janrlar va tahlillar / Personaj va obraz tahlili

Personaj va badiiy obraz tahlili: nazariy asoslar va tasnif tamoyillari

Personaj (lotincha persona – shaxs) — san’at va badiiy adabiyotda muallif tomonidan yaratilgan hamda asar voqealarida ishtirok etuvchi shaxs obrazidir. Personajlar adabiy asar kompozitsiyasida tutgan o‘rni, voqealardagi qatnashish darajasi, g‘oyaviy-estetik funksiyasi va umumlashtirilish ko‘lami asosida asosiy, yordamchi va epizodik personajlarga ajratiladi. Asar voqealarining boshidan oxirigacha faol ishtirok etib, muallifning asosiy badiiy g‘oyasini tashuvchi shaxslar asosiy personajlar yoki bosh qahramonlar deb yuritiladi. Asarda barcha epizodlarda qatnashmasa-da, syujet rivojida muhim badiiy vazifani bajargan hamda muallif niyatini yanada to‘liq ochishga xizmat qiladigan shaxslar yordamchi personajlar hisoblanadi. Makrostruktura ichida qisqa muddatli, epizodik ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladigan, biroq asosiy qahramon xarakterini ochishda muhim semantik yuk tashuvchi shaxslar epizodik personajlar sanaladi.

Personajlarning ijobiy yoki salbiy sifatda tasvirlanishi yozuvchining estetik pozitsiyasiga bog‘liq bo‘lib, adabiyotning azaliy mohiyatini – yaxshilik va yomonlikning qarama-qarshi kurashi mavjudligini aks ettiradi. Biroq badiiy adabiyotda shaxslar qat’iy ravishda bir tomonlama ifodalanmaydi; chuqur va mukammal tasvirlangan, umumlashtiruvchanlik kuchiga ega obrazlar tip darajasiga ko‘tariladi. Tip – adabiy personajlar ichida eng yuqori badiiy pog‘onaga ega bo‘lib, o‘zida muayyan davr, muhit va ijtimoiy qatlam xususiyatlarini mujassamlashtiradi. Tipdan bir oz kam umumlashmaga ega bo‘lgan obrazlar yoki xarakterlar esa alohida shaxsning psixologik, ma’naviy va ijtimoiy xususiyatlari orqali badiiy mazmunni shakllantiradi.

Badiiy obraz — voqelikning san’atga xos tarzda qayta ishlangan, tipiklashtirilgan estetik in’ikosidir. Obraz nafaqat real voqelikning badiiy ko‘rinishi, balki ijodkor tafakkuri orqali qayta yaratilgan, hissiy va ma’naviy mazmun bilan to‘lgan o‘ziga xos estetik tizimdir. Badiiy obraz tushunchasi keng va tor ma’nolarda qo‘llanadi: keng ma’nodagi obraz — ijodkor dunyoqarashi singdirilgan hayot manzaralari majmui; tor ma’nodagi obraz esa asardagi individual inson siymosini ifodalaydi. Obrazda obyektiv voqelik va subyektiv badiiy mushohada uyg‘unlashgan bo‘lib, uning san’atga xosligi real borliqqa o‘ziga xos estetik qayta ishlanish, ramziylik va shartlilik xususiyatlari bilan belgilanadi.

Badiiy obraz real obyekt bilan aynanlashmaydi; u shartlilik, ramziylik, umumlashtirish orqali estetik mazmun kasb etadi. Obraz mavhum mulohaza emas, balki hissiy yaxlit, ko‘rgazmali, o‘ziga xos bir butunlikda voqelikni aks ettiradi. Obrazning badiiyligi voqelikni qayta tiklashdan iborat emas, balki yangi ma’naviy-estetik borliq yaratish imkoniyatida namoyon bo‘ladi. Unda real va ehtimoliy jihatlar, mavjudlik va orzu, tashqi hodisa va ichki kechinmalar, ruhiy jarayonlar va irodaviy holatlarning barchasi badiiy uyg‘unlikda mujassam bo‘ladi. Shu bois obraz ruhiy, fikriy va voqelik qatlamlari kesishgan murakkab estetik tuzilma sifatida qaraladi.

Obrazlar bosh va epizodik turlarga bo‘linib, ularning asarda tutgan o‘rni o‘ziga xos badiiy baho kasb etadi. Badiiy asarda so‘z asosiy tasvir materiali bo‘lgani uchun obrazlar ham lingvistik, assotsiativ, ramziy qatlamlar asosida shakllanadi. Shoir yoki yozuvchi real predmetning tashqi ko‘rinishini emas, balki uning ma’no qatlamini, estetik assotsiatsiyasini yaratadi. Obrazning asosiy vazifasi hayotiylik, jonlilik, yaxlitlik va salmoqdorlikni ta’minlashdir.

O‘zbek adabiyotshunosligida obrazlar tasnifi turli mezonlarga ko‘ra shakllangan. H. Umurov adabiy tur va janr, tasviriy vositalar va uslubiy tamoyillar asosida obrazlarni quyidagicha ajratadi: epik, lirik, dramatik, xayoliy-fantastik, afsonaviy, mifologik, majoziy (simvolik), kinoyaviy (allegorik), satirik, yumoristik obrazlar. T. Boboyevning “Adabiyotshunoslik asoslari” asarida ham mazkur tasnif umumiy yondashuv sifatida uchraydi. D. Quronov esa obrazlarni yanada murakkab nazariy mezonlar asosida tahlil qiladi: elementar obraz, detal-obraz, peyzaj (interyer va natyurmort), inson obrazi va obrazli gipertizm (A. Nikolayev tasnifi). Shuningdek, Quronov ko‘lamlilik jihatidan megaobraz, makroobraz, mikroobraz kabi tasniflarni ham ilgari suradi. Ifoda va tasvir planlari munosabatiga ko‘ra obrazlar avtologik, metalogik, superlogik ko‘rinishlarga ajratiladi. Mazkur tasniflar o‘zbek adabiyotshunosligida yangicha nazariy yondashuv sifatida e’tirof etiladi.

Adabiyotning hayotni tadqiq etish tamoyili ikki yo‘nalishda — tasdiqlash va inkor etish asosida kechadi. Shuning uchun adabiyotshunoslikda obrazlar ijobiy va salbiy turlarga ajratiladi. Biroq zamonaviy adabiy tafakkur obrazlarni mutlaq ijobiy yoki mutlaq salbiy deyishga qarshi turadi. Chunki har qanday personajning ruhiyati murakkab, ko‘p qirrali bo‘lib, unda qarama-qarshi sifatlar birligi mavjud. Masalan, Tohir Malikning “Alvido bolalik” qissasidagi Qamariddin obrazi salbiy muhit vakili sifatida yuzaga chiqsa-da, uning qalbidagi bolalik orzulari, ilmga intilish, insoniylikka bo‘lgan sog‘inch badiiy tahlilda muhim o‘rin tutadi.

Personaj, qahramon va xarakter tushunchalari badiiy asarda o‘zaro bog‘liq bo‘lsa-da, mazmunan farq qiladi. Personaj — badiiy asar voqealarida ishtirok etuvchi har qanday shaxs; qahramon — asarning g‘oyaviy mazmunini belgilovchi markaziy obraz; xarakter esa shaxsning psixologik, ma’naviy va ijtimoiy xususiyatlari, fe’l-atvori, dunyoqarashi mukammal ochilgan obrazdir. Xarakterning chuqur badiiy talqini asarning g‘oyaviy-estetik samaradorligini oshiradi. Inson xarakteri ijtimoiy munosabatlar, tarixiy sharoitlar, ruhiy to‘qnashuvlar vositasida shakllanadi. Shuning uchun har bir davr o‘z tipik xarakterlarini vujudga keltiradi.

Badiiy asarda obrazlar soni ko‘p bo‘lishi mumkin, biroq ularning barchasi markaziy xarakterga xizmat qiladi. M.Qo‘shjonov ta’kidlaganidek, obrazlar xarakterdan ko‘p bo‘lsa-da, ular xarakterga tobe va yordamchi vazifani bajaradi: har bir obraz qahramonning bir jihatini ochadi, uning ruhiy dunyosini yoritadi.

“O‘zbek adabiyoti” virtual - ta'limiy muzeyi platformasida eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

© 2022 Rasul Atamuratov tomonidan ishlab chiqilgan